Shu yilning 29-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoev ramziy tugmani bosib, “Maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish” investisiyaviy loyihasini ishga tushirdi. Umumiy qiymati 62,1 million AQSh dollari bo‘lgan majmua Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi texnologiyasi asosida faoliyat yuritadi. Uskunalarni montaj qilish va loyihani ishga tushirishga ham koreyalik mutaxassislar jalb qilingan.

O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri bu — bir vaqtning o‘zida 4 ta turdagi sovitgichlarni ishlab chiqarish imkoniyatining mavjudligidir. Ishlab chiqarish jarayoni 70 foizga avtomatlashtirilgan bo‘lib, inson mehnati faqatgina jarayonni boshqarish va butlovchi qismlarini yig‘ishda kerak bo‘ladi. Bu esa, har 19 soniyada 1 ta tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Loyihaning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, tayyor mahsulotlar sifat nazorati laboratoriyasidan juda qisqa vaqt ichida o‘tkaziladi, ushbu jarayon Samsung kompaniyasining texnologik yutuqlaridan foydalangan holda, bor-yo‘g‘i 7 daqiqa ichida amalga oshiriladi. Barcha sinov natijalari markazlashgan ma'lumotlar bazasida saqlanadi.

Korxona yiliga 1 mln. dona sovitkich ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu esa nafaqat mahalliy aholi, balki MDH davlatlarini ham xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli mahsulot bilan ta'minlash imkonini beradi.

Hozirda ushbu kompleksda 10 turdagi 42 xil modifikasiyali sovitkichlar ishlab chiqarilmoqda. Loyihani ishga tushirish natijasida 1 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan sovitkichlar zamonaviy dizaynga egaligi, “No frost” tizimi, energiya tejamkorligi (A+), yuqori kuchlanishga qarshi himoya tizimining mavjudligi, shuningdek, masofaviy “smart” boshqaruv tizimiga ega ekanligi bilan ajralib turadi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda yuqori quvvatli, xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlarni ishlab chiqarish kelgusida import hajmining kamayib, raqobatbardosh milliy mahsulotlarning eksporti ortishini ta'minlaydi. Shuningdek, YaIM hajmida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ulushi ortadi. Mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta'minlash imkoniyati kengayadi.