11-mart kuni, Qirg'iziston Respublikasi prezidentining O'zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida, «TEXNOPARK» MChJ da o'zbek-qirg'iz biznes forumi hamda o'zbek-qirg'iz Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tadbirning asosiy maqsadi - qator yo'nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Forum yig'ilishida vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi. Tantanali so'zlar bilan O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari Sardor Umurzoqov va Qirg'iziston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Ulug'bek Karmishakov chiqish qildilar. Forum yakunida, ikki tomonlama shartnomalarni imzolash marosimi hamda "B2B" formatidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.

 

Ishtirokchilar ma'lum bir sohada O'zbekistonda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar bilan har tomonlama tanishish, hamkorlikning umumiy manfaatlari va istiqbollarini muhokama qilish hamda kelgusida qo'shma rivojlanish bo'yicha aniq loyiha takliflarini ko'rib chiqish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

 

Shuningdek, «TEXNOPARK» MChJ hududida ko'rgazma tashkil etildi. Unda 20dan ortiq yo'nalishda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchilar ishtirok etishdi va 250dan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etildi.